Jasliqda sodir bo‘lgan YTH oqibatida “DAF” va “Volvo” mashinalari yonib ketdi, bir kishi vafot etdi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tumanida 23-iyul kuni “DAF FT XF 105” va “Volvo” ishtirokida yo‘l transport hodisasi yuz berdi. Bu haqda Tergov departamenti matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, haydovchi Sh.S. o‘zining boshqaruvidagi “DAF FT XF 105” rusumli yuk avtomashinada Qo‘ng‘irot tumani “Jasliq” posyolka fuqarolar yig‘ini hududidan o‘tuvchi A-380 avtomobil yo‘lining 1009—1010-kilometri oralig‘ida harakatlanib ketayotganida boshqaruvni yo‘qotib, yo‘lning qarama-qarshi tomoniga o‘tib ketgan. Teskari yo‘nalishda harakatlanib kelayotgan ukrainalik haydovchi I.S. boshqaruvida bo‘lgan “Volvo” rusumli yuk avtomashinasining chap yon tomoniga borib urilib, ushbu yuk avtomashinadan keyin harakatlanib kelayotgan Ukraina Respublikasi fuqarosi 29 yoshli Y.K.ning boshqaruvida bo‘lgan “Volvo” rusumli yuk avtomashinasining oldi tomoniga urilib, yo‘l-transport hodisasi sodir qilgan. Oqibatda “DAF FT XF 105” yuk avtomashinasi haydovchisi Sh.S. hodisa sodir bo‘lgan joyda vafot etgan.
Ushbu yo‘l-transport hodisasi oqibatida “DAF FT XF 105” rusumli yuk avtomashinasi hamda Y.K. boshqaruvidagi “Volvo” rusumli yuk avtomashinalarida yong‘in kelib chiqib, har ikkala yuk avtomashinasi butunlay yonib ketgan.
Mazkur holat yuzasidan Qo‘ng‘irot tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (Odam o‘limiga olib kelgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Namanganda karantin cheklovlari kuchaytirilgan vaqtda “Cobalt” va tez yordam mashinasi ishtirokida YTH sodir bo‘lgani haqda xabar berilgandi. Ma’lum bo‘lishicha, yo‘l transport hodisasi oqibatida bir kishi bo‘lgan.