Namangan viloyati IIB fuqarolarga murojaat yo‘lladi
Namangan viloyati Ichki ishlar boshqarmasi bugun fuqarolardan karantin davomida o‘rnatilgan cheklovlar va qoidalarga qat’iy amal qilishni so‘rab, murojaat bilan chiqdi. Bu haqda boshqarma matbuot xizmati ma’lumot berdi.
Murojaatda viloyat aholisidan qonun-qoidalarga amal qilish, tartibni buzgan fuqarolarga tegishli tartibda chora ko‘rilishi eslatib o‘tilgan.
Ta’kidlanishicha, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalariga asosan, epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish fuqarolarga 4 million 460 ming so‘mdan 6 million 690 ming so‘mgacha, mansabdor shaxslarga esa 6 million 690 ming so‘mdan 11 million 150 ming so‘mgacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Shuningdek, agar epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish odamlarning ommaviy kasallanishi yoki zaharlanishi real xavfini keltirib chiqarsa yoxud odamlarning ommaviy kasallanishiga yoki zaharlanishiga olib kelsa:
– 11 million 150 ming so‘mdan 22 million 300 ming so‘mgacha miqdorda jarima;
– 5 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish;
– 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari;
– 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash;
– 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Bundan tashqari, murojaatda inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi haqida aholi orasida asossiz vahima va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarni tarqatgan fuqarolar:
– bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravarigacha (44 million 600 ming so‘m) miqdorda jarima;
– 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari;
– 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi haqida ma‘lumot berilgan.
Avvalroq Toshkent viloyati IIBB fuqarolarga murojaat yo‘llagani haqida xabar berilgandi.