Toshkentda koronavirusga chalingan 64 yoshli erkak vafot etdi. O‘zbekistonda o‘lim holatlari soni 92 nafarga yetdi

Toshkent shahrida koronavirusga chalingan 64 yoshli erkak o‘tkir nafas va yurak-qon tomir yetishmovchiligidan vafot etdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Shayxontohur tumanida yashagan 64 yoshli M.M. ismli erkak 25-iyun kunidan 14-iyul kuniga qadar Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida o‘tkir strangulyasion ingichka ichak tutilishi tashxisi bilan statsionar davolangan. Bemorda 14-iyul kuni COVID-19 tasdiqlangan va o‘ta og‘ir holatda Zangiota tumanidagi Ko‘p tarmoqli yuqumli kasalliklar shifoxonasiga o‘tkazilgan.

Unga COVID-19 infeksiyasining og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya, ingichka ichak rezeksiyasi va anastomozi operasiyasidan so‘nggi holat tashxisi qo‘yilgan. Bemorda kasallik o‘tkir nafas va yurak-qon tomir yetishmovchiligi asorati bilan kechgan. Shuningdek, unda o‘tkir strangulyasion ichak tutilishi hamroh xastaligi bo‘lgan.

Bemor asosiy kasallik asoratlari hisobiga ahvoli keskin og‘irlashib, mutaxassislar tomonidan to‘liq hajmda, standart asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan u o‘tkir nafas va yurak-qon tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

Ma’lumot uchun, 21-iyul 10:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 276 nafarga ko‘payib 17 590 nafarga yetdi. Mamlakatda 9 463 nafar bemor sog‘aygan. 8 035 nafar bemor davolanmoqda.

 

Янгиликлар