Hindiston koronavirus bilan kasallanganlar soni bo‘yicha Rossiyani ortda qoldirdi
Koronavirus aniqlangan holatlar soni bo‘yicha Hindiston Rossiyani ortda qoldirib uchinchi o‘rinda bormoqda, deb xabar berdi RBK.
Hindiston Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda koronavirusga chalinganlar soni 697 413 kishiga yetgan. Bugungi kunga qadar ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha dunyoda uchinchi o’rinni egallab turgan Rossiyada 5-iyul kuni ertalab 681 251 ta holat qayd etilgan.
Mamlakatning eng yomon ahvoldagi hududi Maxarashtra shtati hisoblanadi. Shuningdek, Assam va Uttar-Pradesh shtatlarida (Dehli janubida) infeksion holat yomonlashmoqda. Lekin rasmiylarning ta’kidlashicha, bir qator sharqiy shtatlarda vaziyat asta-sekin yaxshilanishni boshlagan.
Ma’lumot uchun 2020-yil 4-iyul holatiga ko‘ra, Hindistonda koronavirus bilan kasallanganlar soni 697 413 kishiga yetgan. Shulardan 425 070 nafari kasallikdan butunlay sog‘aygan bo‘lsa, 19 693 nafari vafot etgan.