Namanganda YPX inspektoriga 50 AQSh dollari pora taklif etgan haydovchi qo‘lga olindi

Namangan shahrida haydovchi xizmat vazifasini olib borayotgan YPX xodimiga qoidabuzarligini “yumshatish” uchun pora taklif etgan. Bu haqda YHX Bosh boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Ichki ishlar vazirligi

Ta’kidlanishicha, 7-iyul kuni soat 12:55 atrofida, I.Karimov ko‘chasida xizmat olib borayotgan xodim “Lacetti”ni to‘xtatib tekshirganida, avtomashinaning orqa yon oynalari tusi hech qanday ruxsatnomasiz o‘zgartirilganligini aniqlagan. Haydovchiga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirib, avtomashinasini jarima maydoniga olib kirib qo‘ygan.

Shundan so‘ng fuqaro sodir etgan qoidabuzarligi yuzasidan tuzilgan ma’muriy bayonnomani yengilrog‘iga o‘zgartirishni so‘ragan va mashinasini jarima maydonidan chiqarib berish evaziga 50 AQSh dollari miqdoridagi pullarni pora tariqasida taklif qilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, haydovchi viloyat IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi ma’muriy binosining orqa qismida inspektorga pora berayotgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.

Yo‘l-patrul xizmati otryadi, uchinchi safarbar guruhi komandiri viloyat IIB boshlig‘i nomiga ushbu holat bo’yicha bildirgi bilan murojaat qilgan.

Hozirda holat yuzasidan tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib, surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Avvalroq Qoraqalpog‘istonda ishdan bo‘shatmaslik uchun 2 million so‘m pora olgan Bandlikka ko‘maklashish markazi rahbari qo‘lga tushgani haqida xabar berilgandi.

Янгиликлар