Ozarbayjon—Armaniston chegarasidagi qurolli to‘qnashuvda ozarbayjonlik 2 nafar yuqori martabali harbiy halok bo‘ldi

Ozarbayjon Mudofaa vazirining o‘rinbosari Kerim Veliyev Armaniston bilan chegara hududidagi otishma natijasida ikki nafar yuqori martabali harbiy halok bo‘lganini ma’lum qildi, deb xabar beradi “Vesti.az”.

Foto: “Vesti.az”

Qayd etilishicha, 14-iyul kuni general-mayor Polad Gashimov va polkovnik Ilgar Mirzayev jang paytida halok bo‘lgan.

“Harbiy harakatlar davom etmoqda. Afsuski, jang qurbonlarsiz bo‘lmaydi. Mudofaa vazirligi rahbariyati nomidan harbiy xizmatchilarning oila a’zolariga ta’ziya izhor etaman. Sizni ishontirib aytamanki, shahidlarimiz yodi hech qachon o‘chmaydi”, — deydi Kerim Veliyev.

Eslatib o‘tamiz, 12-iyul kuni Ozarbayjon va Armaniston chegarasida ikki tomon askarlari o‘rtasida qurolli to‘qnashuv yuz bergandi. Ozarbayjon Mudofaa vazirligi matbuot xizmati qurolli to‘qnashuv oqibatida 3 nafar harbiy xizmatchi halok bo‘lganini e’lon qilgan. Armaniston Mudofaa vazirligining ma’lumotlarga ko‘ra, ular tomondan hech kim jarohat olmagan.

Янгиликлар