Narpayda tez tibbiy yordam bo‘limlariga 5 ta “Damas” topshirildi
Samarqand viloyati Narpay tumanida tez tibbiy yordam bo‘limlari uchun 5 ta “Damas” avtomashinasi topshirildi. Bu haqda tuman hokimligi axborot xizmati xabar berdi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Narpay tuman tibbiyot birlashmasiga 5 ta “Damas” avtomashinasi berildi. Ajratilgan mashinalar tumanning tez tibbiy yordam bo‘limlariga taqsimlangan.
Avvalroq Asakada yangi tez yordam mashinalari haydovchiligiga 20 nafar tibbiyot kolleji bitiruvchilari ishga olingani, Andijon shahridagi tibbiyot muassasalariga jami 10 dona “Damas” topshirilgani hamda Farg‘onada 20 ta yangi tez yordam mashinasida maslahat markazlari faoliyat ko‘rsata boshlagani haqida xabar berilgandi. Shuningdek, Samarqand viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi 500 ta kislorod balloni xarid qilgani ma’lum qilingan.
Ma’lumot uchun, Samarqandda 28-iyul soat 23:30 holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 26 kishiga oshib, 895 nafarni tashkil etgan.