O‘zbekistonda koronavirusdan vafot etganlar soni 61 nafarga yetdi

Koronavirusga chalingan toshkentlik 67 yoshli bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi, deb xabar berdi Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Ma’lum qilinishicha, shu yilning 10-iyul kuni Shayxontohur tumanida yashovchi 67 yoshli M.T. (ayol)da COVID-19 tasdiqlangan. Shu kuniyoq o‘tkir nafas yetishmovchiligi sababli bemorning ahvoli og‘ir bo‘lganligi uchun Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasining reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.

Shifoxonada unga koronavirus infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya, nafas yetishmovchiligining 3-darajasi, o‘tkir yurak qon-tomir yetishmovchiligi tashxisi qo‘yilgan.

Shuningdek, bemorda gipertoniya kasalligining 2-darajasi, arterial gipertenziya, qandli diabet, surunkali xolesistit kabi hamroh kasalliklar bo‘lgan.

Shifoxonada bemorning davolanishi davomida shifokorlar tomonidan onlayn konsultasiya va konsiliumlar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan.

Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi.

Ma’lumot uchun, ushbu holat bilan O‘zbekistonda koronavirusdan vafot etganlar soni 61 nafarga yetdi. Mamlakatda umumiy 13 193 nafar odam koronavirusga chalingan bo‘lsa, shulardan 7 852 nafari kasallikdan butunlay sog‘aygan. Oxirgi sutka davomida 484 ta yangi holat qayd etilgan.

Янгиликлар