Qo‘qonda avtomashinasida marixuana saqlab yurgan shaxs aniqlandi
Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida fuqaroning yoni va avtomashinasi tekshirilganda marixuana giyohvandlik moddasi saqlab kelayotganligi aniqlandi, deya xabar berdi viloyat IIB axborot xizmati.
Shaharda 11-iyul kuni o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida A.Xo‘qandiy ko‘chasida Q.A.ning avtomashinasi va yoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilib, cho‘ntagidan bir dona politelin paket parchasiga qadoqlangan marixuana giyohvandlik moddasi topilgan. Shuningdek, avtomashina salonidan bir dona “Capacitiy 200g” nomli elektron tarozi va marixuana giyohvandlik moddasi borligi aniqlanib, daliliy ashyo tariqasida olingan.
Holat yuzasidan Qo‘qon shahar IIO FMB (Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi) huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 276-moddasi 2-qismi “a” bandi (Giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay, qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ma’lumot uchun, yuqorida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etgan shaxs besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.
Avvalroq Farg‘onada tomorqasida kannabis o‘simligini yetishtirgan shaxs aniqlangani haqida xabar berilgandi.