Quvada narxi bir yarim million so‘mlik telefon o‘g‘irlagan shaxs qo‘lga olindi
Quva tumanida 23-iyun kuni fuqaro I.I IIBga murojaat qilib, bir yarim million so‘mlik uyali telefoni o‘g‘irlab ketganligi haqida ma’lum qilgan. Bu haqda Farg‘ona viloyati IIB Axborot xizmati xabar berdi.
Noma’lum shaxs 15-iyun kuni “Gʻalaba” ko‘chasida joylashgan savdo do‘konidagi tarozi oldida qarovsiz qoldirilgan narxi 1.500.000 so‘mlik “Samsung J5” rusumli uyali telefon apparatini yashirin ravishda o‘g‘irlab ketgan. Olib borilgan tezkor qidiruv harakatlari davomida ushbu jinoyatni I.Z. sodir etganligi aniqlanib, unga nisbatan sud tomonidan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Holat yuzasidan Quva tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 1-qismi (O‘g‘rilik, ya’ni o‘zganing mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Eslatib o‘tamiz, Jinoyat kodeksining 169-moddasi 1-qismida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etgan shaxs uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Avvalroq Qo‘qon shahrida qidiruvda bo‘lgan shaxs qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.