Rossiyada chiqindi yig‘ib yurgan Islombekning onasiga aliment pullari undirib berildi
Ijtimoiy tarmoqlarda 11 yashar Islombekning Rossiya chiqindixonalarida rizq qidirib yurgani tasvirlangan video omma e’tiborini tortgandi. Uning onasining qonuniy huquqlari tiklandi. Bu haqda Kun.uz xabar berdi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qarshi tumanlararo sudining 2019-yil 23-dekabrdagi sud buyrug‘iga asosan qarzdor B.S.dan undiruvchi Jalolova Shahnozaning foydasiga ikki nafar voyaga yetmagan farzandlarining moddiy ta’minoti uchun aliment undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati Byuroning Qarshi tuman bo‘limiga 2019-yil 28-dekabrda kelib tushgan va shu kunning o‘zida ijro ishi qo‘zg‘atilgan.
Ma’lum qilinishicha, qarzdorning mol-mulklarini aniqlash maqsadida tegishli tashkilotlarga so‘rovnomalar yuborilib, javob xatlari olinganda qarzdorning undiruv qaratilishi mumkin bo‘lgan mol-mulklari aniqlanmagan.
Ijro ishidagi hujjatlarga ko‘ra, qarzdor alimentni o‘z vaqtida to‘lashi haqida, to‘lamagan taqdirda tegishli javobgarlikka tortilishi haqida ogohlantirilib kelingan.
Biroq qarzdor aliment pullarini o‘z vaqtida to‘lamay kelganligi sababli davlat ijrochisi tomonidan 2020-yil 15-iyunda aliment qarzini hisoblash to‘g‘risida qaror chiqarilgan. Qarzdorlik 2019-yil 29-dekabrdan 2020-yil 15-iyunga qadar 5 270 808 so‘m hisoblangan.
Olib borilgan ijro harakatlari natijasida qarzdor B.S.dan undirilmay qolgan 4 930 808 so‘m aliment pullari to‘liq undirildi.
Jalolova Shahnoza yilning 22 iyun kuni O‘zbekistonga uchib kelgandan so‘ng 14 kunlik karantinga olingan. O‘z uyiga qaytganidan so‘ng, aliment pullari undiruvchiga topshirilgan.