Samarqandda abituriyentni 10 ming dollar evaziga o‘qishga kiritib qo‘ymoqchi bo‘lgan dotsent qo‘lga olindi

Davlat xavfsizligi xizmati huquqni muhofaza qilish organlari bilan hamkorlikda ta’lim sohasidagi bir qator korrupsiya holatlarini aniqladi.

Xususan, DXX Samarqand viloyati boshqarmasi va viloyat ichki ishlar boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Samarqand iqtisodiyot va servis instituti dotsenti o‘zining vositachisi bo‘lgan jinoiy sherigi bilan birgalikda mahalliy fuqaroni ushbu oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kiritib qo‘yish uchun 10 ming AQSh dollari olayotgan vaqtida ushlandi.

Mazkur shaxs ish faoliyatida yo‘l qo‘ygan kamchiliklari tufayli institut rahbariyati tomonidan 2018-yilda ishdan bo‘shatilgan. Lekin u nohaq bo‘shatilganligini ro‘kach qilib, sud idoralariga murojaat qilishi natijasida 2020-yilning 2-iyul kuni qaytadan ishga qabul qilingan.

Shuningdek, Nukus davlat pedagogika institutining fakultetlaridan birida dekan o‘rinbosari vazifasida ishlovchi shaxs Kegeyli tumanida yashovchi fuqaroga ushbu oliy ta’lim muassasasiga kirish imtihonlarida yordam berishni va’da qilgan. Fuqarodan 3000 AQSh dollari olayotgan vaqtida DXX Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi va prokuratura xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.

Mazkur institutning yana bir xodimi Beruniy tumanida yashovchi 4 nafar fuqaroning o‘qishga kirishlarida yordam berish evaziga ularning har biridan 2 ming AQSh dollaridan jami 8 ming AQSh dollari talab qilib, so‘ralgan pul mablag‘ini olayotgan vaqtida ushlandi.

Yana bir holat Buxoro viloyatida qayd etildi. Buxoro davlat universiteti o‘qituvchisi Jondor tumanida yashovchi fuqaroni o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilib, evaziga undan 4000 AQSh dollari olayotgan vaqtida DXX va Prokuratura xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.

Hozirda aniqlangan barcha holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq, Samarqandda 1 300 AQSh dollari evaziga suddagi “tanishlari” orqali nikohni bekor qilishni va’da qilgan firibgar qo‘lga olingani, shuningdek, O‘zbekistonda oliy ta’limning deyarli barcha bo‘g‘inlarida korrupsion holatlar kuzatilayotgani haqida xabar berilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Akmal Burhonov Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori etib tayinlangan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 15-iyul holatiga ko‘ra, jami 1 011 660 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tdi. Ulardan 438 86 nafari — 2020-yil bitiruvchilari.

Янгиликлар