Shavkat Mirziyoyev dorixonalarda virus va isitmaga qarshi preparatlar narxi asossiz, bir necha barobar oshirib yuborilganini tandiq qildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 15-iyul, chorshanba kuni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida pandemiya bilan bog‘liq vaziyat muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida dorixonalarda virus va isitmaga qarshi preparatlar narxi asossiz, bir necha barobar oshirib yuborilganini tandiq qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Qayd etilishicha, Toshkent shahrida kasallikni aniqlaydigan testlar va zarur tibbiyot vositalari yetishmayapti. Dorixonalarda virus va isitmaga qarshi preparatlar narxi asossiz, bir necha barobar oshirib yuborilgan, bu esa aholi orasida koʻplab eʼtirozlarga sabab boʻlmoqda.

Poytaxtda dori-darmon yetkazilishi va narxi barqarorligini taʼminlash, shoshilinch tibbiy yordam xizmati va koll-sentrlar ishini samarali tashkil etish, COVID-19 bilan ishlayotgan tibbiyot xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish, kasallar uchun qoʻshimcha oʻrinlar tashkil etish, shuningdek, karantin hududlaridagi shaxslarni uy karantiniga bosqichma-bosqich oʻtkazish masalalari koʻrib chiqildi, zarur choralar belgilandi.

Toshkent shahar hokimligiga kamida 3 oylik dori-darmon va himoya vositalari zaxirasini shakllantirish vazifasi qoʻyildi.

“Hozirgi sinovli vaziyatda kundalik ehtiyoj mollari va zaruriy oziq-ovqat mahsulotlarining yetarli boʻlishi, narxlari asossiz oshib ketmasligi juda muhim”, — dedi Prezident. Shundan kelib chiqib, mutasaddilarga bu masalani qatʼiy nazorat qilish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Shuningdek, pandemiyaga qarshi kurashish, karantin qoidalariga amal qilish, ijtimoiy masofani saqlashning ahamiyatini aholi oʻrtasida keng targʻib qilish, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda bu borada qilinayotgan kundalik ishlarni xolis va tezkor yoritish muhimligi taʼkidlandi.

Bundan avval Prezident Jahongir Ortiqxo‘jayev va Alisher Shodmonovga hayfsan bergani xabar berilgan edi.

Янгиликлар