Sog‘liqni saqlash vaziriga to‘rtta o‘rinbosar tayinlandi. Ularning orasida Elmira Bositxonova hamda DSQ raisi o‘rinbosari ham bor

Prezidentning 3-iyuldagi tegishli qaroriga asosan Elmira Bositxonova, Abdulla Azizov, Ulug‘bek Sobirov va Shohrux Shoraxmetovlar Sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar bermoqda.

Elmira Bositxonova 1958-yilda tug‘ilgan. 1981-yilda Toshkent davlat tibbiyot institutini tamomlagan, tibbiyot fanlari doktori. Tayinlovga qadar Bosh vazir o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi, so‘ng Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan.

Ma’lumot uchun, ayni paytga qadar Elmira Bositxonova Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan edi.

Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Abdulla Azizov Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari lavozimiga o‘tkazilgan. Abdulla Azizov tayinlovga qadar 2006-2019-yillarda Daniyada qator kompaniyalar mas’ul lavozimlarida ishlagan. 2019-yil sentabr oyidan ayni paytga qadar Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelgan.

Shuningdek, Ulug‘bek Sobirov va Shohrux Shoraxmetov ham Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari etib tayinlangan.

Tayinlovga qadar Ulug‘bek Sobirov Dermatologiya va venerologiya ilmiy tekshirish institutida turli lavozimlarda, 2013-yildan ayni paytga qadar Respublika ixtisoslashtirilgan dermatologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori lavozimida ishlagan. Shohrux Shoraxmetov esa Moliya vaziri o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan edi.

Янгиликлар