Qirg‘izistonlik huquq himoyachisi Azimjon Asqarov O‘zbekistonda dafn etiladi

O‘sh voqealarida ayblanib, umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan va 69 yoshida Chuy viloyati Jani-Jer qishlog‘ida joylashgan 19-koloniyada vafot etgan qirg‘izistonlik huquq himoyachisi Azimjon Asqarov O‘zbekistonda dafn etiladi.

Foto: “Kloop”

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligidan olingan ma’lumotga ko‘ra, Azimjon Asqarovning rafiqasi, o‘g‘li va boshqa oila a’zolarining uning O‘zbekiston hududida dafn etilishi haqidagi murojaatiga binoan Qirg‘iziston tomoni bilan tegishli maslahatlashuvlar o‘tkazilgan.

“O‘zaro muzokaralar natijasi bo‘yicha Azimjon Asqarov oila a’zolarining murojaatlarini ko‘rib chiqish va ularning talablarini qanoatlantirish yuzasidan kelishuvga erishildi”, — deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, Azimjon Asqarov — Qirg‘izistondagi mashhur inson huquqlari himoyachilaridan biri, u 10 yildan buyon qamoqxonada edi. U 2010-yil 15-iyunda Qirg‘iziston janubidagi millatlararo ziddiyat tufayli ommaviy tartibsizliklarni tashkil qilganlik va militsiya xodimining o‘ldirilishida ishtirok etganlikda ayblanib, hibsga olingan. 15-sentabrda sud Asqarovni bir umrga ozodlikdan mahrum qilgan, biroq u o‘z aybdorligini tan olmagan.

Keyinchalik, 2020-yil 25-iyul kuni Azimjon Asqarovning Qirg‘izistonning Chuy viloyati Jani-Jer qishlog‘ida joylashgan 19-koloniyada vafot etgani xabar qilindi.

 

Янгиликлар