Moskvada o‘zbekistonlik mehnat migrantlarini tibbiy qo‘llab-quvvatlash dasturi boshlandi

Foto: Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Rossiyadagi diplomatik vakolatxonasi va Xalqaro Shodiyev fondi (ICF) Moskvada koronavirus pandemiyasi sharoitida mehnat migrantlarini tibbiy qo‘llab-quvvatlash dasturini boshladi. Bu haqda “Gazeta.uz” agentlikning matbuot xizmatiga tayanib xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, ushbu dastur doirasida COVID-19 infeksiyasiga chalingan bemor bilan aloqada bo‘lgan yoki birga yashab kelgan o‘zbekistonlik mehnat migrantlari, shuningdek, o‘tkir respirator virusli infeksiya belgilari bo‘lganlar, kasallik va infeksiyaga qarshi antitanachalar mavjudligini bepul tekshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Tekshirish natijasida infeksiyaga chalinmagan yoki koronavirusga qarshi antitanachasi bo‘lgan migrantlarga ish joyiga qaytish uchun rasmiy tibbiy ma’lumotnoma beriladi. Salbiy natijaga ega bo‘lgan, ammo o‘tkir respirator virusli infeksiya alomatlari bo‘lgan migrantlar tibbiy yordam va dori-darmonlardan mustaqil ravishda foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Bunda, koronavirus infeksiyasi aniqlangan migrantlar Rossiyaning sanitariya-epidemiologiya qoidalariga muvofiq holda, davlat tibbiy muassasalarida karantinga olinadi va kerakli tekshiruvlardan o‘tadi. Shu bilan birga, kasallarning holati davolanish davomida kuzatiladi va ularga zarur huquqiy yordam ko‘rsatiladi.
Xabarda qayd etilishicha, ikki tashkilot o‘rtasidagi hamkorlik doirasida Xalqaro Shodiyev fondi tibbiy xizmatlarni taqdim etish hamda sinov to‘plamlari va dori-darmonlarni sotib olish uchun mablag‘ ajratadi.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Rossiyadagi vakolatxonasi mehnat migrantlari ro‘yxatlarini tashkil qilib, tibbiyot muassasalariga taqdim etadi. Dastur doirasida tibbiy guruhlar vakolatxona tomonidan tasdiqlangan muassasalarga, masalan, kamida 15−20 migrant istiqomat qiladigan yotoqxonalarga tashrif buyuradi.
Diplomatik vakolatxona rahbari Saidnoʻmon Mansurovning ta’kidlashicha, loyiha o‘zbekistonlik mehnat migrantlari va ular bilan aloqada bo‘lgan odamlar orasida infeksiyani, shuningdek, og‘ir kasalliklar va o‘limning oldini olish uchun mo‘ljallangan. “Sinov natijalari to‘g‘risidagi sertifikatga ega bo‘lish, imkon qadar tezroq o‘z ishini tiklamoqchi bo‘lganlarga katta yordam beradi”, – deydi vakolatxona rahbari.
Ma’lumot o‘rnida, test sinovlari uchun arizalar Diplomatik vakolatxona tomonidan +7 925 957 56 46 telefon raqami orqali qabul qilinadi.

Янгиликлар