Navoiyda tibbiyot xodimlarida koronavirus aniqlangan, ammo hech qanday chora ko‘rilmagan

Ijtimoiy tarmoqlarda Navoiy viloyat ftiziatriya va pulmonologiya markazi xodimi S.Ahmadov Prezidentga murojaat qildi. Bu haqda viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi xabar berdi.

Murojaatda, xodim o‘zi faoliyat olib borayotgan shifoxonadagi ayrim xodimlarda koronavirus aniqlangan bo‘lsa-da, mas’ullar tomonidan hech qanday chora ko‘rilmagani bayon etgan.

Mazkur holat yuzasidan olib borilgan surishtiruv ishlariga ko‘ra haqiqatdan ham mazkur tibbiyot muassasasining reanimatsiya bo‘limida faoliyat olib borayotgan tibbiyot xodimlarining bir nechtasida koronavirus bilan kasallanishning dastlabki holatlari qayd etilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Sog‘liqni saqlash boshqarmasining 23-iyundagi 132-sonli buyrug‘iga asosan Navoiy viloyat ftiziatriya va pulmonologiya markazining reanimatsiya bo‘limi karantinga yopilib, huquq tartibot xodimlari tomonidan nazoratga olingan.

Shuningdek, muassasada faoliyat olib borayotgan boshqa barcha tibbiyot xodimlari, bemorlar hamda ular bilan yaqin muloqotda bo‘lgan barcha fuqarolar umumiy nazoratga olinib, karantin tartiblari qat’iylashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, ayni paytda O‘zbekistonda 9199 nafar koronavirusga chalingan bemor qayd etilgan. Ulardan 3138 nafari davolanmoqda. 16 nafari og‘ir, 8 nafari o‘ta og‘ir ahvolda. Sog‘ayganlar 6034 nafarni tashkil etadi.

Янгиликлар