Bo‘stonliqdagi noqonuniy qurilishlar yuzasidan 8 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 10 kishi qamoqqa olingan

Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida noqonuniy dala hovlilarning buzilishi bo‘yicha jurnalistlar uchun tashkil etilgan press-turda viloyat prokurori Salom Samadov holat bo‘yicha izoh berdi, deb xabar bermoqda “TezNews” muxbiri Shohruh Haydarov.

Foto: “TezNews”

Bo‘stonliqdagi noqonuniy qurilishlar yuzasdian 2020-yil 11-may holatiga ko‘ra, sakkizta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, ayni paytda 10 kishi qonun oldida javob bermoqda.

“Qonunchiligimizda agarda mana shunday o‘zboshimchalik bilan egallangan yerlarga zarar yetkazsa, zarar pulini to‘lash ko‘zda tutilgan. Mana shunday qonunbuzarlar hozirda ehtiyot chorasi sifatida mahalla raisi, maklerlar, ‘Yergeokadastr’ xodimi qo‘lga olingan. Jami 10 nafar odam tergov oldida javob beryapti”, — deydi Salom Samadov.

Foto: “TezNews”

Prokurorning so‘zlariga ko‘ra, ko‘p yillardan beri Bo‘stonliq tumanida noqonuniy qurilish qilish oddiy holga aylangan. Natijada 2020-yil 11-may holatiga ko‘ra, 8ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, 594ta obyekt noqonuniy deb topilgan, 24 ta uyning egalari esa sud jarayoniga kelmagan.

“Bo‘stonliq tumanidan boshqa hududlarda ham fuqarolar noqonuniy tarzda egallamoqchi bo‘lgan yerlariga avvaliga tosh terib qo‘yishadi, keyin sekingina yog‘och taxlaydi, undan keyin g‘isht terishadi va ‘taq’ etib ustini yopishadi, shu bilan imorat tayyor. Bunday noqonuniy qurilishlarning sababi nimada? Albatta, so‘nggi yillarda O‘zbekiston aholisining soni oshib bormoqda, lekin hokimiyat tomonidan qonuniy tarzda qurilish qurish uchun yerlar ajratilmagan, ochiq auksionga qo‘yilmagan. Qurilishga biz qarshi emasmiz, mayli qursin, lekin qonuniy tomondan qurilsin”, — deydi prokuror.

Foto: “TezNews”

Ma’lumotlarga ko‘ra, Bo‘stonliq tumani dam olish va sayyohlik hududlariga mos bo‘lgani uchun bu yerda Fransiya, Germaniya va Turkiya davlatlari bilan fikr almashgan katta turistik hudud qurilishi ko‘zlangan.

Oddiy o‘qituvchi, shifokor xodimlar bu yerdagi qimmat dachalarga kela olmaydi. Biz shu tomonlarni o‘ylagan holda 3-4 qavatli otellar qurishni rejalashtiryapmiz”, – deya qo‘shimcha qiladi Toshkent viloyati prokurori Salom Samadov.

Foto: “TezNews”

Avvalroq Oliy sud raisi o‘rinbosari Xolmo‘min Yodgorov tumanda olib borilayotgan “snos” ishlari haqida xabar qilgandi.