Namanganda tug‘ilgan to‘rt egizakning onasiga tug‘ilganlik guvohnomalari topshirildi

Namangan viloyati perinatal markazida 1-iyul kuni dunyoga kelgan 4 egizakning onasi Madina Ikromovaga tug‘ilganlik guvohnomalari topshirildi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Foto: Namangan viloyati hokimligi

Ta’kidlanishicha, chaqaloqlarga Abdulloxon, Abdurazzoqxon, Abduraxmonxon va Abdulvositxon deb ismlar qo‘yilgan.

“2018-yilda tug‘ilgan o‘g‘lim Rustamxondan 9 oyligida ajralib qolgandik. Xudoyim uning o‘rniga 4 nafar o‘g‘il farzand hadya qildi. Homiladorligimning oltinchi haftasida shifokorlarga ko‘ringanimda uch egizak deb suyunchilashgandi. 11 haftalikda esa ularning 4 egizak ekanligi ma’lum bo‘ldi”, – deydi Madina Ikromova.

Namangan shahar 1-sonli FHDY mudirasi Nodira Obiddinovaning aytishicha, shaharda 2020-yilning shu kuniga qadar 8 mingdan oshiq chaqaloq tug‘ilgan. Ularning 200 nafardan ortig‘i egizak, 4 nafari uch egizak. 4 egizakning dunyoga kelishi esa yaqin orada birinchi marta qayd etilgan.

Янгиликлар