Nemis mutaxassisi koronavirusning uzoq muddatli alomatlari va uni butunlay yengib bo‘lmasligini aytdi

Koronavirus bilan davolangan bemorlarda kasallik alomatlarining mavjudligi tashvishli holat, dedi germaniyalik epidemiolog professor Tobias Kurt RBK bilan intervyuda. Uning so‘zlariga ko‘ra, hatto sog‘lom yoshlar ham virusning uzoq muddatli alomatlaridan to‘liq himoyalanmagan.

Koronavirusning uzoq muddatli alomatlari

Charit universiteti tibbiyot majmuasi va Garvard universiteti professori Tobias Kurt, koronavirusga chalingan ba’zi bemorlarda tiklanishdan bir necha oy o‘tib ham kasallik alomatlari yo‘qolmaganligini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, kasallikning uzoq davom etadigan alomatlari bo‘lgan bemorlar orasida ilgari sog‘ligi bilan muammolarga duch kelmagan yoshlar ham bor.

“Biz ushbu virusni batafsil o‘rganishimiz kerak. Mavjud ma’lumotlarga asoslanib, kasallik ba’zi bemorlarda kasallikdan tuzalganidan keyin ham bir muncha vaqt davomida o‘z alomatlarini ko‘rsatishi mumkinligi aniqlangan. Virus birdaniga bir nechta a’zolarning faoliyatiga ta’sir qilishini bilamiz, ammo hozircha uning oqibatlari surunkali yoki vaqt o‘tib yo‘q bo‘lib ketishini aniq ayta olmaymiz”, — dedi mutaxassis.

Mutaxassisning fikriga ko‘ra, Covid-19 murakkab viruslar toifasiga kiradi. “Bemorlar orasida hech qanday alomatlar yo‘q, ammo muammolar bor, ayniqsa o‘pkada. Ba’zi yoshlar kasallikdan bir necha oy o‘tib zaiflik va nafas yetishmovchiligi tufayli sport bilan shug‘ullana olmaydilar”,— deya tushuntirdi u.

Kurtzning ta’kidlashicha, mutaxassislar koronavirus bilan og‘rigan bemorlarni o‘pka va boshqa a’zolarining holatini tekshirish uchun tadqiqotlarni boshladilar. “Biz COVID-19 organizmda nafaqat o‘pkaga, balki boshqa organlarga ham qanday ta’sir qilishini o‘rganishimiz kerak”, — dedi u. Agar koronavirus surunkali ta’sirga olib keladigan bo‘lsa, bunday tadqiqotlar simptomlar xavfini kamaytirish uchun dorilarni ishlab chiqishga yordam beradi. “Men, albatta, virusning doimiy alomatlaridan tashvishdaman. Biz bilib olishimiz kerak bo‘lgan ko‘p narsalar mavjud va umid qilamizki, virus inson tanasida jiddiy surunkali o‘zgarishlarga sabab bo‘lmaydi”,— deya xulosa qildi epidemiolog.

Koronavirusni to‘liq yo‘q qilish ilojsiz

Tobias Kurtning so‘zlariga ko‘ra, dunyo yaqin yillarda yangi koronavirusdan xalos bo‘lishi imkonsiz narsa. “Virus allaqachon shu yerda va biz uni butunlay yo‘q qilish vazifasini o‘z oldimizga qo‘yamiz deb o‘ylamayman, bu narsa ilojsiz. Bundan tashqari, koronavirus epidemiyasiga duch kelgan barcha mamlakatlarda karantin choralari va sinovlar orqali butunlay kasallikni yo‘q qilish imkoni mavjud emas”, — deya tushuntirdi u.

“Shunday qilib, hozirgi sharoitda umid qilish mumkin bo‘lgan eng yaxshi narsa bu virusdan saqlanish va keng ko‘lamli infeksiya o‘choqlarining oldini olishdir”,— dedi professor. Avvalroq Yangi Zelandiya hukumatining ilmiy maslahatchisi Maykl Beyker RBK’ga bergan intervyusida deyarli har qanday mamlakat o‘z hududidagi virusning barcha o‘choqlarini yo‘q qilishga qodir, deb ta’kidlagan edi. “Agar vaksinani yoki virusga qarshi dori-darmonlarni ishlab chiqarishda muammolar mavjud bo‘lsa, ko‘p davlatlar kasallik o‘choqlarini butunlay yo‘q qilish strategiyasini ishlab chiqish to‘g‘risida jiddiy o‘ylashlari kerak. Agar siz to‘rt-olti hafta davomida odamlarni qattiq karantinda ushlasangiz, Yangi Zelandiya singari virusni yo‘q qilishingiz mumkin”,— degan edi Beyker.

Vaksinaning yaratilishi bilan virus tarqalishini nazorat qilish osonlashadi, ammo o‘choqlarning paydo bo‘lish xavfi saqlanib qoladi, deydi Kurt. Mutaxassisning ta’kidlashicha, ko‘p mamlakatlarda vaksinalarning birinchi sinovlari allaqachon boshlangan, ammo ularning yil oxirigacha foydalanishga tayyor bo‘lishining imkoni yo‘q. “Barcha qiyinchiliklarni inobatga olgan holda, emlash yil oxirigacha keng qo‘llanilishining imkoni topilsa, men juda hayron bo‘laman. Kelgusi yilning boshiga qadar ham vaksinaning paydo bo‘lishi katta muvaffaqiyat bo‘ladi”,— dedi Kurt.

Avvalroq, rossiyalik mutaxassislar mamlakatda koronavirus vaksinasini ishlab chiqarish bu yil boshlanishi mumkinligini aytishgandi.

“Rossiyada koronavirus vaksinasi chiqarilishi 2020-yil kuzida boshlanishi mumkin. ‘Gamalea’ kompaniyasi tomonidan yaratilgan koronavirus immunitetining sinov tizimida 4000 dan ortiq qon plazmasi namunalari tahlil qilindi”,— degan Epidemiologiya va mikrobiologiya markazi direktori Aleksandr Gunzburg.

Unga ko’ra, ishlab chiqilgan test tizimi inson qonida koronavirusni zararsizlantiradigan antikorlarni aniqlashga, shuningdek virusga chalingan odamlarning qon plazmasida yuqori sifatli sinov o‘tkazishga imkon beradi. 18-iyun kuni shifoxona shifokorlari dastlabki ko‘ngillilarga koronavirus vaksinasini taqdim etishdi. Vaksinatsiya asoratsiz o‘tgan. Eksperiment ishtirokchilarining birortasida ham salbiy reaksiyalar kuzatilmagan va sog‘ligi haqida shikoyatlar ham bo‘lmagan.

Янгиликлар