Toshkent viloyatining “yashil” va “sariq” hududlarida avtobus harakati tiklandi

Toshkent viloyatining 12 ta tuman va 4 ta shahrining “yashil”, “sariq” hududlarida 2-iyuldan jamoat transporti harakati tiklandi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Transport vazirligi

Qayd etilishicha, Nurafshon – Qo‘yliq dehqon bozori yo‘nalishidagi 426-avtobus hamda Nurafshon – Otchopar kiyim bozori yo‘nalishidagi 591-avtobus harakati ham qayta yo‘lga qo‘yilgan. Viloyatda yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi 29 ta korxonaning 176 ta avtobusi aholiga transport xizmatini ko‘rsatadi.

Toshkent viloyati transport boshqarmasi tomonidan avtobuslar harakatining karantin talablariga qat’iy rioya etilgan holda tashkil etilishi, haydovchi va yo‘lovchilarning belgilangan sanitariya va gigiyena qoidalariga rioya etishini ta’minlash yuzasidan korxonalar rahbarlari, haydovchi va chiptachilar bilan kunlik yo‘riqnomalar o‘tkazilmoqda.

Avtobuslar yo‘nalishga chiqishdan avval hamda oxirgi to‘xtash bekatlarida to‘liq dezinfeksiya qilish ishlarining amalga oshirilishi, haydovchi va chiptachilarning tibbiy niqob va qo‘lqop bilan ta’minlanganligi shuningdek, ularning o‘z vaqtida almashtirib borilishi yuzasidan nazorat o‘rnatilgan.

Oldinroq “qizil” va “sariq” hududlarda haftaning shanba – yakshanba kunlarida jamoat transporti harakati kamaytirilishi haqida xabar berilgandi.

Янгиликлар