Shavkat Mirziyoyev Nursulton Nazarboyevni tug‘ilgan kuni bilan tabrikladi

Foto: O’zbekiston Prezidentining matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev 6-iyul kuni Qozog‘istonning birinchi prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda O’zbekiston Prezidentining matbuot xizmati xabar berdi.

Shavkat Mirziyoyev suhbat avvalida Nursulton Nazarboyevni yubiley bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va yangi zafarlar tilagan.

Prezident elboshining zamonaviy Qozog‘istonni barpo etish, kuchli davlat boshqaruvi institutlari va milliy kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirish, eng muhimi, aholining yuksak turmush darajasini ta’minlashga qaratilgan samarali ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishdagi tarixiy roli alohida qayd etilganini ta’kidlab o‘tgan.

«Nursulton Nazarboyevning muvaffaqiyatli amalga oshirilgan yirik tashabbuslaridan biri – jadal rivojlanib borayotgan Qozog‘istonning “tashrif qog‘ozi”ga aylangan yangi poytaxt — Nur-Sulton shahriga asos solingani ta’kidlandi», — deyiladi xabarda.

Muloqot chog‘ida yetakchilar ikki tomonlama va xalqaro ahamiyatga molik qator dolzarb masalalarni muhokama qilgan. Jumladan, koronavirus infeksiyasining tarqalishiga qarshi kurashish, pandemiyaning o‘zaro manfaatli hamkorlikka salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha o‘zaro yaqin muvofiqlashuv va sheriklikni davom ettirish muhimligi aytib o‘tilgan.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev AQSh Prezidentiga mustaqillik kuni bilan tabrik yo‘llagani haqida xabar berilgandi.

Янгиликлар