“Har bir bank o‘z biznesini mustaqil ravishda o‘zi tortishi kerak” – Shavkat Mirziyoyev

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev 6-iyul kuni bank aktivlarida xususiy sektor ulushini 15 foizdan 60 foizga oshirishga qaratilgan 2020—2025-yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasi bank tizimini isloh qilish strategiyasini amalga oshirish hamda mamlakat tijorat banklarining transformatsiya jarayonini jadallashtirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbirda Prezident banklar moliyaviy resurslarni davlat yordami va ko‘magisiz, mustaqil jalb qilishlari zarurligini qayd etdi.

“Har bir bank o‘z biznesini mustaqil ravishda o‘zi tortishi kerak”,— dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yig‘ilishda davlat aktivlari bor tijorat banklarida hukumatdan olingan mablag‘lar hissasi hamon yuqoriligi tanqid qilindi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

“Xususan, bunday kreditlar ulushi ‘Qishloq qurilish bank’da 41 foizni, ‘Ipoteka bank’da 32 foizni tashkil etadi. O‘tgan yili banklarga davlat kafolati ostida qariyb 600 million dollarlik kredit liniyalari jalb qilingan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich 570 million dollarni tashkil qiladi. Shu bilan bir qatorda, aholining jamg‘arma va muddatli depozitlari ulushi yirik banklarda o‘rtacha 5 foizni tashkil etadi, xolos. Shu munosabat bilan Markaziy bankka tijorat banklariga aholi omonatlarini jalb etish bo‘yicha qo‘shimcha takliflar ishlab chiqish topshirig‘i berildi”, — deyiladi xabarda.

Yakunda muhokama qilingan masalalar yuzasidan Markaziy bank va tijorat banklari rahbarlari axborot berdi.

Янгиликлар