O‘zbekistonda koronavirusdan 42-o‘lim qayd etildi

Toshkent shahar Uchtepa tumanida yashovchi 64 yoshli erkak B.K. 1-iyuldan  Toshkent shahar tez tibbiy yordam klinik shifoxonasi reanimasiya bo‘limida yurak ishemik kasalligi, qandli diabet, nafas yetishmovchiligi, shuningdek, surunkali buyrak yetishmovchiligi  tashxisi bilan davolanib kelgan. Bu haqida Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Undan 2-iyul kuni COVID-19 infeksiyasiga namuna olingan va kasallik tasdiqlangan. Oxirgi 8 yil davomida u parkinson kasalligi bilan dispanser nazoratida bo‘lgan. Bundan tashqari, bemor 2019-yil 1-iyul kuni bosh miyada qon aylanishining o‘tkir buzilishi ishemik turini ham o‘tkazgan.

So‘nggi kunlarda bemor bir necha marta mutaxassislar tomonidan konsultasiya qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilganiga qaramasdan  ahvoli keskin og‘irlashgan. Oqibatda bemor o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etdi.

Ma’lumot uchun, ayni paytda O‘zbekistonda 10 838 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolardan 6 811 nafari sog‘aygan. 3 985 nafari davolanmoqda. Ulardan 24 nafari og‘ir, 13 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda.

Янгиликлар