Farg‘onada ikki “Nexia” to‘qnashuvi oqibatida bir kishi jarohat oldi

Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanida 27-iyun kuni “Nexia-2” va “Nexia” avtomashinalari o‘rtasida yo‘l transport hodisasi yuz bergan. Bu haqda viloyat ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.

Foto: Farg‘ona viloyati ichki ishlar boshqarmasi

Qayd etilishicha, Qudash qishlog‘i hududida fuqaro O.R. “Nexia-2” rusumli  avtomashinasini boshqarib ketayotib, qarama-qarshi harakatlanib kelayotgan E.M. boshqaruvidagi “Nexia” rusumli avtomashinasi bilan to‘qnashuv sodir etgan. Oqibatda “Nexia-2”da bo‘lgan yo‘lovchi K.S. tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan.

Foto: Farg‘ona viloyati ichki ishlar boshqarmasi

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston tumani ichki ishlar boshqarmasi huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 1-qismi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Farg‘onada “Nexia” haydovchisi voyaga yetmagan fuqaroni urib yuborgani haqida xabar berilgandi.