Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Oliy Majlis Senati va Prezidentga hisobdor etib belgilandi

“Raqobat muhitini yanada rivojlantirish va iqtisodiyotdagi davlat ishtirokini qisqartirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmoni qabul qilindi.


Foto: Prezident matbuot xizmati

Farmonga muvofiq, 2020-yil 1-oktabrdan boshlab davlat ishtirokidagi xo‘jalik yurituvchi subyektlarning, shuningdek, ularning affillangan shaxslarining va xo‘jalik faoliyatini amalga oshirish vakolatlari berilgan davlat muassasalarining (mudofaa qobiliyati va milliy xavfsizlik maqsadlarida bundan mustasno) ta’sis etilishiga quyidagi hollarda yo‘l qo‘yilmaydi:

– bitta tovar bozorida beshta va undan ortiq xususiy tadbirkor faoliyat yuritib kelayotgan sohalarda;

– davlat organlari tomonidan o‘zlariga litsenziyalash, ro‘yxatga olish, akkreditatsiyadan o‘tkazish va ruxsat berish vakolati berilgan sohalarda.

Farmon bilan Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Adliya vazirligi hamda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining xulosalari asosida qabul qilinadigan normativ huquqiy hujjatlar belgilandi.

Shuningdek, 2020–2024-yillarda tovar va moliya bozorlarida raqobatni rivojlantirish strategiyasi tasdiqlandi.

Farmonga ko‘ra, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi o‘z faoliyatida Oliy Majlis Senati va Prezidentga hisobdordir.

2020-yil 1-noyabrga qadar “Raqobat to‘g‘risida”gi va “Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida”gi qonunlarni birlashtirgan holda yagona qonun loyihasi ishlab chiqiladi.

Янгиликлар