O‘zbekistonda koronavirusdan 48-o‘lim qayd etildi

Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkent shahar Shayxontoxur tumanida koronavirusga chalingan 51 yoshli erkak vafot etganligi haqida xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Bemor 4-iyul kuni Toshkent shahar tez tibbiy yordam shifoxonasiga yotqizilgan va COVID-19 infeksiyasiga namuna olinib, infeksiya bilan kasallanganligi tasdiqlangan. Ko‘krak qafasi rentgen tekshiruvidan o‘tkazilganda ikki tomonlama pnevmoniya aniqlangan.

Shuningdek, davolanish dinamikasida bemorning ahvoli og‘irlashib, nafas yetishmovchiligi va hansirash kuchaygan. Shundan so‘ng u 1-son shahar klinik shifoxonasining reanimatsiya bo‘limiga o‘tkazilgan. Bemor bundan avval epilepsiya kasalligi bilan nazoratda turgan, 2-guruh nogironi bo‘lgan.

Shifoxonada bemor bir necha marta Sog‘liqni saqlash vazirligi mutaxassislari tomonidan onlayn rejimda konsultatsiya qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan.

Biroq shifokorlar tomonidan o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramay, bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etdi.

Avvalroq, O‘zbekistonda koronavirusdan 47-o‘lim qayd etilgani haqida xabar berilgan edi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda koronavirusga chalingan 11 259 nafar bemordan 7 060 nafari sog‘aygan, 4 152 nafari davolanmoqda. Ulardan 31 nafari og‘ir, 12 nafari o‘ta og‘ir ahvolda.

Янгиликлар