Qirg‘iziston bosh vaziri barcha tibbiyot xodimlarini ta’tildan chaqirib olishni buyurdi

Qirg‘iziston bosh vaziri mamlakatda COVID-19 va pnevmoniya tarqalishi fonida barcha tibbiyot xodimlarini ta’tildan chaqirib olishni buyurdi, deb xabar berdi RIA Novosti Qirg‘iziston hukumati matbuot xizmatiga tayanib.

“Barcha tibbiyot xodimlar ta’tildan chaqirib olinishi kerak. Qirg‘iziston bosh vaziri Kubatbek Boronov tomonidan Respublika tezkor shtab-kvartirasining navbatdagi yig‘ilishida shunday buyruq berilgan” — deyiladi matbuot xizmati xabarida.

Bosh vazirning ma’lum qilishicha, respublikadagi epidemiologik vaziyat yanada qat’iy choralarni talab qilmoqda.

“Shifokorlar iltimosimizni to‘g‘ri tushunadi, degan umiddaman va ular yaqin orada ish joyiga qaytadi. Hozir Bishkek shahri va Chuy viloyatida kasallanish o‘z cho‘qqisiga chiqqan. Tibbiyot xodimlari tun-u kun o‘ta og‘ir sharoitlarda odamlar hayotini saqlab qolish uchun kurashmoqda. Viloyatlardagi tibbiyot xodimlari ham ushbu ishda yordam uchun markazlarga chaqirilgan, xorijdagi shifokorlar ham mamlakatga qaytgan. Ammo hududlarda yuqori saviyali tibbiy xizmatlarga muhtoj aholi ko‘p. Shu sababli sog‘liqni saqlash tizimidagi barcha xodimlarni mehnat ta’tilidan ish joylariga qaytishni so‘rayman. Hozirgi vaziyat shunday yo‘l tutishni talab qilmoqda”, — deydi bosh vazir.

Ma’lumot uchun, Qirg‘izistonda 9-iyul holatiga ko‘ra, 8847 nafar odam koronavirus infeksiyasini yuqtirib olgan. 116 nafar bemor vafot etgan. Jami 3053 nafar bemor kasallikdan tuzalgan. Epidemiya boshlanganidan beri pnevmoniya asoratlaridan vafot etgan bemorlar soni esa 310 nafarni tashkil qilmoqda.

Янгиликлар