O‘zbekistonda 13-iyuldan mahalliy aviaqatnovlar va poyezdlarda yo‘lovchi tashish to‘xtatiladi

AOKA huzuridagi shtabda bo‘lib o‘tgan brifingda Transport vazirligi axborot xizmati rahbari Navro‘z Ashurmatov O‘zbekistonda mahalliy yo‘nalishlardagi poyezdlar va aviaqatnovlar to‘xtatilishini ma’lum qildi.

Xabar qilinishicha, 13-iyul, dushanba kunidan mahalliy yo‘nalishlardagi poyezdlar va aviaqatnovlar to‘xtatiladi.

Kuchaytirilgan karantin tartibi sharoitida faqatgina Respublika maxsus komissiyasi tomonidan tasdiqlangan parvozlar jadvaliga muvofiq, xorijiy davlatlardagi fuqarolarimizni vatanga olib kelish bo‘yicha repatriatsion reyslar bajariladi.

Chegara punktlaridan fuqarolarni karantin hududlariga yetkazish uchun avtobus tashuvlari amalga oshiriladi.

Ma’lum bo‘lishicha, 10-iyuldan 1-avgustga qadar bo‘lgan muddatda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ da 5900 ta chipta sotilgan. Karantin choralari kuchaytirilib, poyezdlar qatnovi to‘xtatilgani sababli yo‘lovchilarga sotib olingan chipta pullari qaytariladi.

Shuningdek, “Uzbekistan airways” AJ tomonidan “Toshkent-Nukus”, “Toshkent-Urganch”, “Toshkent-Termiz” yo‘nalishlarida 13-iyuldan 1-avgustga qadar bo‘lgan muddatga 332 ta aviachipta sotilgani ma’lum qilindi. Sotib olingan aviachiptalarning amal qilish muddati bir yilgacha haqiqiy hisoblanadi.

Ta’kidlanishicha, epidemiologik vaziyat barqarorlashib aviaqatnovlar tiklanganda, yo‘lovchilar avval sotib olgan chiptalari bilan bemalol parvoz qilishi mumkin.