Bojxona rasmiylashtiruvi uchun ketadigan vaqt eksportda 5, importda 2 barobarga qisqaradi

“Yagona darcha” bojxona axborot tizimining takomillashtirilishi natijasida bojxona rasmiylashtiruvi uchun sarflanadigan vaqt eksportda 5 barobarga, importda esa 2 barobarga qisqaradi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, eksport bojxona rejimiga nisbatan 2021-yil 1-yanvargacha umumiy bojxona yuk deklaratsiyalari (BYD)ning 5 foizidan kam bo‘lmagan, 2022-yil 1-yanvargacha BYDlarning 20 foizi avtomatik ravishda bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkaziladi. O‘tgan davrlarda bojxona rasmiylashtiruviga bir kunlab vaqt ketgan bo‘lsa, endilikda bir necha daqiqa ichida bajariladi.

Ushbu o‘zgarish Prezidentning 5-iyuldagi “Bojxona ma’muriyatchiligini isloh etish va O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoni asosida amalga oshiriladi.

Ma’lumot o’rnida, o‘tgan davr mobaynida tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga bojxona rasmiylashtiruvida jami 694,02 milliard so‘m miqdorida bojxona to‘lovlaridan imtiyozlar berilgan.

Mazkur imtiyozlar esa tadbirkorlik subyektlariga yangi ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish va yangi ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qiladi, deyiladi xabarda.

Avvalroq Samarqand viloyatida yil boshidan 132,7 mln dollar miqdorida tovarlar eksport qilingani haqida xabar berilgandi.

Янгиликлар