Farg‘onada 600 ming so‘m pul va uyali telefon o‘g‘irlagan shaxs ushlandi

Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahri ichki ishlar boshqarmasiga 3-iyul kuni fuqaro M.G. murojaat qilib, noma’lum shaxs uning sumkasidan puli va telefonini o‘g‘irlaganini ma’lum qilgan. Bu haqda viloyat ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, 3-iyul kuni noma’lum shaxs Farobiy ko‘chasida joylashgan bozorda M.G.ning sumkasidan 600 000 so‘m pul va narxi 2 400 000 so‘m bo‘lgan “Samsung J6” rusumli telefonini o‘g‘irlab ketgan.

Mazkur holat yuzasidan Qo‘qon shahar IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi “a” bandi (o‘g‘irlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Olib borilgan tezkor qidiruv harakatlari davomida ushbu jinoyatni X.M. sodir etganligi aniqlanib, unga nisbatan sud tomonidan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

“Eslatib o‘tamiz, Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etgan shaxs besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi”, — deyiladi xabarda.

Avvalroq Marg‘ilonda bezorilik sodir etib, qidiruvda bo‘lgan shaxs qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.

Янгиликлар