Jismoniy shaxslarga O‘zbekistondan 5 ming AQSh dollaridan oshmagan tovarlarni yuk deklaratsiyasisiz olib chiqishga ruxsat etildi

Jismoniy shaxslarga umumiy qiymati 5 ming AQSh dollaridan ko‘p bo‘lmagan tovarlarni bojxona yuk deklaratsiyasi taqdim etmasdan O‘zbekistondan olib chiqishga ruxsat etildi. Bojxona tizimidagi shu va boshqa yangiliklar haqida Davlat bojxona qo‘mitasida o‘tkazilgan brifingda ma’lumot berildi.

Brifingda ta’kidlanishicha, hisobot yilida amalga oshirilgan tovarlarning umumiy eksportiga nisbatan 10 foizdan oshmagan, muddati o‘tgan, debitor qarzdorligi mavjud bo‘lgan taqdirda kafolatlangan to‘lovni ta’minlamasdan tovarlar eksportini amalga oshirishga ruxsat berilgan. Shuningdek, tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha muddati o‘tgan debitor qarzdorlik uchun xo‘jalik yurituvchi subyektlarga 2020-yil 1-oktabrgacha bo‘lgan davrda moliyaviy jarimalar qo‘llash to‘xtatilgan.

Bundan tashqari, Prezidentning 2020-yil 7-maydagi “Eksport faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan 68 turdagi mahsulotlarni xorijga eksport qilishda avtomobil, temiryo‘l va havo transportida tashish xarajatlarining bir qismi kompensatsiya qilish mexanizmi joriy qilindi.

Ma’lumot o‘rnida, Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida tashqi savdo operatsiyalari monitoringini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 283-sonli qaroriga asosan eksport kontrakti bo‘yicha tushum tushishi bojxona yuk deklaratsiyasi rasmiylashtirilgan sanadan boshlab, 180 kundan oshib ketmasligi belgilab qo‘yildi. Avval ushbu muddat 120 kun bo‘lgan edi.

Avvalroq bojxona rasmiylashtiruvi uchun ketadigan vaqt eksportda 5 barobarga, importda 2 barobarga qisqarishi haqida xabar berilgandi.

Янгиликлар