Toshkentda 50 yoshli ayolning koronavirusdan vafot etganligi qayd etildi. O‘zbekistonda koronavirus qurbonlari soni 55 nafarga yetdi

Toshkentda koronavirusga chalingan 50 yoshli ayol vafot etdi. Bu haqida Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko’ra, Mirobod tumanida yashovchi R.Y. 3-iyuldan 9-iyulgacha uy sharoitida davolanib yurgan. Nafas yetishmovchiligi belgilari kuchaygach, 1-son shahar klinik shifoxonasiga yotqizilgan. Unga COVID-19 infeksiyasi og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Kasallik o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi bilan kechgan. Shuningdek, yurak ishemik kasalligi, ilk aniqlangan qandli diabet kasalliklari bilan ham og‘rigan.

9-iyul kuni bemorning ahvoli og‘irlashib, nafas yetishmovchiligi belgilari kuchayganligi sababli sun’iy nafas olish apparatiga ulangan. Biroq shifokorlar tomonidan o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan, bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etdi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 7530 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar sog‘aygan. Davolanayotganlar 4621 nafarni tashkil etadi. Ulardan 43 nafari og‘ir, 10 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda.

Янгиликлар