Farg‘onada “Nexia-2” tut daraxtiga urilishi oqibatida undagi yo‘lovchi halok bo‘ldi

Farg‘ona viloyati Toshloq tumanida “Nexia-2” avtomashinasi tut daraxtiga urilishi oqibatida yo‘lovchi vafot etdi, deya xabar berdi Farg‘ona viloyat IIB axborot xizmati.

“Qanjirg‘a” MFYda 10-iyul kuni fuqaro U.T. “Nexia-2” avtomashinasini mahalla hududida boshqarib ketayotib, harakat boshqaruvini yo‘qotgan. Natijada yo‘lning o‘ng tomonidagi tut daraxtiga urilib, avtomashinada bo‘lgan yo‘lovchi E.I. tan jarohati olgan va hodisa joyida vafot etgan.

Holat yuzasidan Toshloq tumani IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Rishtonda mototsiklda beton to‘siqqa urilgan haydovchi vafot etgani haqida xabar berilgandi.

Янгиликлар