Buxoroda ayrim hududlar elektr energiyasidan vaqtinchalik uziladi

Buxoro shahri va Buxoro tumanining ayrim hududlarida 14-iyul kuni elektr energiyasi ta’minotida uzilishlar kuzatiladi. Bu haqda “Buxoro hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Buxoro shahar elektr ta’minoti korxonasi xodimlari tomonidan elektr qurilmalarida ta’mirlash ishlarining olib borilishi munosabati bilan G‘afur G‘ulom, Fayzulla Xo‘jayev, Mirzo Ulug‘bek, Al-Buxoriy nomlaridagi va “Yangiobod” mahallalarining ayrim ko‘chalari 10:00 dan 18:00 ga qadar elektr energiyasi ta’minotidan uziladi.

“Shuningdek, Buxoro tuman elektr ta’minoti korxonasi xodimlari tomonidan tumanning ‘Nohiya’ 10 kVli fideriga ulangan GKTP tipidagi 3-sonli transformator punktida davlat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha ishlarning olib borilishi munosabati bilan xodimlar xavfsizligini ta’minlash maqsadida soat 10:00 dan 16:00 gacha uzilishlar bo‘lishini bildiramiz”, — deyiladi xabarda.

Avvalroq Buxoro shahrining “Avshormahalla”, Mahmud Tarobiy va Bahouddin Naqshband nomli mahallalari vaqtinchalik elektr energiyasidan uzilishi haqida xabar berilgandi.