Eron Mudofaa vazirligining sobiq xodimi AQSh Markaziy razvedka boshqarmasiga josuslikda ayblanib, qatl etildi

Eron Mudofaa vazirligining sobiq xodimi Rizo Asgari AQSh Markaziy razvedka boshqarmasiga josuslik qilgani uchun qatl etildi. Bu haqda Eron Oliy sudi vakili G‘ulom Husayn Ismoiliy ma’lum qildi, deb xabar bermoqda RBK.

Foto: Fars News

“O‘tgan hafta Mudofaa vazirligining iste’fodagi bir amaldorini qatl qildik. U 1995-yilda nafaqaga chiqqan, keyin Markaziy razvedka boshqarmasi bilan ishlashni boshlagan va raketalarimiz haqidagi ma’lumotlarning bir qismini ularga sotgan”, — deydi Ismoiliy.

Qayd etilishicha, vazirlikning Mahmud Musaviy-Majdah ismli xodimi ham o‘lim jazosiga hukm qilingan. Dastlab uning hibsga olinishi sababi yanvar oyi boshlarida o‘ldirilgan Eron generali Qosim Sulaymoniyning manzilini AQSh va Isroil harbiy kuchlariga ma’lum qilganligi bilan izohlangandi. Ammo keyinroq boshqa taxmin ilgari surildi. Unga ko‘ra, Musaviy-Majdah dastlab Suriyadagi Eron maslahatchilari bilan bog‘lanib, keyin ma’lumotni Isroil va AQSh razvedka idoralariga sotgan.

Avvalroq Ozarbayjon—Armaniston chegarasidagi qurolli to‘qnashuvda ozarbayjonlik 2 nafar yuqori martabali harbiy halok bo‘lgani haqida xabar berilgandi.

Янгиликлар