Nukusda katta ko‘prikda bo‘yniga ip bog‘lab, o‘zini osmoqchi bo‘lgan shaxs qutqarib qolindi

Qoraqalpog‘istonning Nukus shahrida yo‘l ustidan o‘tuvchi ko‘prikda bo‘yniga ip bog‘lab, o‘zini osmoqchi bo‘lgan shaxs Milliy gvardiya xodimlari tomonidan qutqarib qolindi.

Ma’lum qilinishicha, shu yilning 13-iyul kuni Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari Nukus shahridagi markaziy temiryo‘l va avtotransport vositalari yo‘lining ustidan o‘tuvchi katta ko‘prikda bo‘yniga ip bog‘lab, o‘zini osishga harakat qilayotgan fuqaroni ko‘rib qoladi.

Harbiy xizmatchilarning ko‘rgan choralari natijasida ushbu fuqaroning hayoti saqlab qolingan. Aniqlanishicha, u 1977-yilda Nukus shahrida tug‘ilgan I.D. bo‘lib, oilaviy muammolari tufayli o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘lgan.

Voqeaga oydinlik kiritish va profilaktik suhbat o‘tkazish maqsadida mazkur fuqaro Nukus shahar IIOFMB (Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi)ga olib borilgan. Keyinchalik u tibbiy yordam ko‘rsatish uchun kasalxonaga yotqizilgan.

Avvalroq Farg‘onada 42 yoshli fermer o‘zini osgan edi.

Янгиликлар