Farg‘onada 42 yoshli fermer o‘zini osdi

Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanida mahalliy fermerlardan biri o‘zini o‘zi osib qo‘ydi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati “TezNews”ga ma’lum qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 9-iyul kuni uchko‘priklik mahalliy fermer A.O. (1978-yilda tug‘ilgan) dala shiyponi to‘siniga arqondan sirtmoq yasab, o‘zini o‘zi osishi natijasida vafot etgan. Tezkor-tergov guruhi tomonidan voqea joyi ko‘zdan kechirilganda (marhum o‘z joniga qasd qilishida foydalangan) arqon hamda “Nokia 1110” rusumli telefon apparati ashyoviy dalil tariqasida olingan.

Hodisa joyini ko‘zdan kechirishda ish uchun ahamiyatli bo‘lgan boshqa shubhali ashyo va buyumlar topilmagan.

Qo‘qon tumanlararo sud tibbiy ekspertiza punktining dastlabki xulosasida A.O. o‘limiga bo‘yin a’zolarining yarim qattiq jism bilan qisilib osilishi natijasida yuzaga kelgan mexanik asfiksiya sabab bo‘lganligi ko‘rsatilgan.

Hozirda holat bo‘yicha tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari davom etmoqda.

Avvalroq Andijonda bog‘cha mudirasi o‘zini osib qo‘ygani haqida xabar berilgandi.

Янгиликлар