Andijonda bog‘cha mudirasi o‘zini osib qo‘ydi. Vazirlik holat bo‘yicha rasmiy izoh berdi

Baliqchi tumanidagi 11-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti mudirasi G.Xo‘jaqulova (1967-yil) 4-may kuni soat 15:00 da yashab turgan uyida o‘z joniga qasd qilgan. Oqibatda tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan. Shifokorlarning qilgan barcha harakatlariga qaramay, mudira 17-may kuni shifoxonada vafot etgan.

Vazirlik tomonidan tuzilgan ishchi guruh o‘lim holati sabablarini hamda Baliqchi tumani Maktabgacha taʼlim boshqarmasi (MTB) faoliyatini o‘rganib chiqib, holat bo‘yicha rasmiy izoh berdi.

Taʼkidlanishicha, marhuma G.Xo‘jaqulova sog‘lig‘i hamda ishi bilan bog‘liq muammolarii tufayli ruhiy holatidagi o‘zgarishlar natijasida o‘z joniga qasd qilgan.

Ishchi guruh tomonidan olib borilgan tekshiruv xulosasiga ko‘ra Baliqchi tumani MTB rahbari S.Xonkeldievaning o‘z xizmat vazifasiga masʼuliyat bilan yondashmaganligi natijasida MTBda nosog‘lom muhit yuzaga kelgan.

Bundan tashqari, tekshiruv davomida tumandagi 11-sonli davlat MTTda qurilish-taʼmirlash ishlarini olib borgan “Milano qurilish” MChJ rahbari N.Rasulov tomonidan rasmiy hujjatlarga soxta maʼlumotlar kiritilib, qalbaki hujjatlardan foydalanish orqali byudjet mablag‘lari o‘zlashtirilganligi, qurilish-taʼmirlash ishlarining o‘zi sifatsiz bajarilganligi aniqlangan.

Holat bo‘yicha tuman prokuraturasi tomonidan jinoiy ish qo‘zg‘atgan.

Vazirlik axborortida ta’kidlanishicha, yuqoridagilardan kelib chiqqan holda tuman MTB mudiri S.Xonkeldieva bilan tuzilgan mehnat shartnomasi 2020-yil 26-iyun kuni bekor qilingan.

Ma’lumot o’rnida, G.Xo‘jaqulova 11-sonli davlat MTTda 2010-yildan buyon mudira lavozimida ishlab kelgan.

Avvalroq karantin markazidagi fuqaro o‘zini osgani yuzasidan surishtiruv o‘tkazilayotgani haqida xabar qilingandi.

Янгиликлар