Shavkat Mirziyoyev YeTTB sobiq rahbari Suma Chakrabartini “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotladi

O‘zbekiston Prezidentining farmoniga binoan, Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining sobiq prezidenti Suma Chakrabarti O‘zbekistonning “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlandi, deb xabar beradi Prezident matbuot xizmati.

Farmonda Suma Chakrabartining “O‘zbekiston hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki o‘rtasidagi strategik sheriklikni yo‘lga qo‘yish va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish borasidagi ulkan xizmatlari” alohida qayd etilgan.

Bundan tashqari, “respublikada amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar dasturlarining samaradorligini ta’minlashga, sanoat va infratuzilma tarmoqlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha ustuvor investitsiyaviy loyihalarga qo‘shayotgan shaxsiy hissasi va ko‘magi, mamlakatda qulay sarmoyaviy va ishbilarmonlik muhitini shakllantirish jarayonlarini faol qo‘llab-quvvatlagani uchun” Suma Chakrabarti O‘zbekistonning “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlandi.

Ma’lumot uchun, Suma Chakrabarti YeTTB prezidenti sifatida 2012-yil iyuldan 2020-yil iyulgacha ishlagan. 2017-yilda bank O‘zbekistonda o‘z faoliyatini tikladi va bugungi kunga qadar YeTTB 79 loyihada qatnashib, mamlakat iqtisodiyotiga 1,7 milliard yevro sarmoya kiritdi.

Янгиликлар