Avtomashina o‘zgarsa, stiker almashtirib berilmasligi ma’lum qilindi

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “Davlat xizmatlari markazlari orqali berilgan stikerlar mashina sotilganda, nosoz yoki yaroqsiz holga kelib qolganda almashtirib beriladimi?” kabi savollarga DXA oydinlik kiritdi.

Respublika maxsus komissiyasining qaroriga asosan, 1-avgustga qadar avtotransport harakati cheklandi. Biroq mashinalar harakatlanishi uchun DXMlar tomonidan ilgari berilgan maxsus ruxsatnoma (stiker)lar karantin cheklovlari amal qilish davrida qo‘llanilishi belgilandi.

Stikerlar berish xizmati esa maxsus komissiyaning 2020-yil 30-martdagi 13-son yig‘ilish bayoni bilan tasdiqlangan tegishli vaqtinchalik tartibiga asosan amalga oshirilgan. Ta’kidlanishicha, mazkur tartibda maxsus ruxsatnoma berilgan mashinalar o‘zgarishi munosabati bilan ularni qayta rasmiylashtirish nazarda tutilmagan.

Shuningdek, Respublika maxsus komissiyasining 2020-yil 8-apreldagi 17-son yig‘ilish bayoniga asosan, maxsus komissiyaning 2020-yil 30-martdagi 13-son yig‘ilish bayoni o‘z kuchini yo‘qotgan. Markaz (DXM) orqali avtotransport vositalariga stikerlar berish 2020-yil 9-apreldan to‘xtatilgan.

Ma’lumot uchun, har bir stiker gologrammalar bilan birgalikda my.gov.uz portali orqali alohida unikal raqam bilan rasmiylashtirilgan. Unga kiritilgan ma’lumotlarga hozirda DXM tomonidan o‘zgartirish kiritishning texnik imkoniyati mavjud emas.

Avvalroq Davlat xizmatlari agentligi avtomobillarga maxsus stiker bermasligini ma’lum qilgani haqida xabar qilingandi.

Янгиликлар