Davlat xizmatlari agentligi avtomobillarga maxsus stiker bermasligini ma’lum qildi

Davlat xizmatlari agentligi matbuot xizmatining xabar berishicha, Respublika maxsus komissiyasining transport vositalari harakati vaqtincha cheklanishi bilan bog‘liq axboroti e’lon qilingandan so‘ng agentlik ijtimoiy sahifalari va Telegram botiga mashinalarga stiker berish bilan bog‘liq savollar kelib tushib, aholi o‘rtasida turli anglashilmovchiliklarga sabab bo‘lmoqda.

Ta’kidlanishicha, maxsus komissiya qarori bilan 9-apreldan e’tiboran Davlat xizmatlari markazlari orqali harakatlanish uchun ruxsatnomalar berilishi to‘xtatilgan. Ayni paytda DXAga Davlat xizmatlari markazlari orqali stiker berish haqida hech qanday topshiriq berilmagan.

Respublika maxsus komissiyasining 9-iyuldagi axborotiga ko‘ra, avtotransport vositalari harakatlanishi uchun Adliya vazirligi Davlat xizmatlari markazlari tomonidan ilgari berilgan maxsus ruxsatnomalar karantin cheklovlari amal qilish davrida qo‘llaniladi. Biroq stikeri mavjud bo‘lmagan mashinalarga faqatgina kunning muayyan vaqtida (07:00 dan 10:00 gacha, 17:00 dan 20:00 gacha) tegishli hudud doirasida (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri miqyosida) ish joyiga borib-kelishi, dori vositalari, oziq-ovqat va birinchi galdagi mahsulotlarni xarid qilish uchun harakatlanishiga ruxsat beriladi.

Hududlar o‘rtasida avtotransport vositalari qatnovi taqiqlangan, faqatgina qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi tashkilotlarga tegishli xizmat va shaxsiy avtotransport vositalarining harakati bundan mustasno. Mototransport (skuter) hamda velosipedda harakatlanishga faqatgina tibbiy niqobdan foydalangan holda hayotiy zarur ehtiyojlar – dori vositalari, oziq-ovqat va birinchi galdagi mahsulotlarni xarid qilish, shifokor ko‘rigiga borish, shuningdek, ish joyiga borish va kelish uchun ruxsat etiladi”, — deyiladi agentlik bayonotida.

Avvalroq O‘zbekistonda avia va temiryo‘l qatnovi faoliyati to‘xtatilib, dam olish kunlari avtotransport harakati butunlay cheklanishi haqida xabar berilgandi.

Янгиликлар