O‘zbekistonda hududlardagi vaziyatga qarab, karantin choralari kuchaytirilishi yoki yumshatilishi mumkin

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 14-iyul, seshanba kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida O‘zbekistonda hududlardagi vaziyatga qarab, karantin choralari kuchaytirilishi yoki yumshatilishi mumkinligi ma’lum qilindi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

“Yana bir muhim masala — viloyat, shahar va tumanlarda mahalliy kengashlar, joylardagi hokimlik va boshqaruv idoralari o‘z hududidagi vaziyatni chuqur tahlil qilib, Respublika komissiyasi bilan kelishilgan holda karantin qoidalarini qayerda zarur bo‘lsa kuchaytirishi, qayerda zarur bo‘lsa yumshatishi lozim. Barcha ehtiyot choralarini ko‘rgan holda, imkoniyat mavjud bo‘lgan hamma joyda ishlab chiqarish korxonalarini ishga solishimiz, mehnat unumdorligini oshirishimiz kerak”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, Prezident qishloq joylarida aholi shahardagidek tig‘iz emasligini, kasallik tarqamagan hududlar ham ko‘p ekanligini ta’kidlagan.

“Bu yerlarda hozirgi paytda hamma dalada ish bilan band, odamlarning qo‘li qo‘liga tegmaydi. Bunday tumanlarda qishloq mehnatkashlarining bemalol ishlashi, mahsulotini xaridorlarga yetkazib berishi uchun barcha sharoitni yaratishimiz kerak. Chunki yozning bir kuni qishning o‘n kunini boqadi”, — degan Shavkat Mirziyoyev.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston 10-iyuldan kuchaytirilgan karantin tartibiga qaytarilib, respublikadagi barcha hududlar “qizil” toifaga o‘tkazilgan. 13-iyuldan qo‘shimcha karantin qoidalari kuchga kirib, mahalliy poyezd va aviaqatnovlar to‘xtatilgan.

Янгиликлар