Qozog‘iston mamlakat hududida noma’lum pnevmoniya tarqalgani sabab JSST bilan aloqada bo‘lib turibdi

Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi mamlakatda pnevmoniyaning xavfli turini keltirib chiqaradigan yangi infeksiya tarqalganidan so‘ng Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan hamkorlikda ish olib bormoqda. Bu haqda sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari Lyudmila Byurabekova 15-iyul kungi brifingda ma’lum qildi, deya xabar beradi “RIA Novosti”.

Foto: “Sputnik”

“Biz hozirda xalqaro tashkilotlar va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan muzokaralar olib boryapmiz. Hozirgi kunda JSST tavsiyalari bo‘yicha koronavirus statistikasiga faqatgina PCR testda ijobiy natijaga ega bo‘lganlar kiritiladi”, — deydi Byurabekova.

Ta’kidlanishicha, qozog‘istonlik taniqli neyroxirurg Minjilki Berdixodjaev o‘zining Facebook’dagi sahifasida Sog‘liqni saqlash vazirligiga yangi turdagi infeksiyani koronavirus kabi atipik kasalliklar ro‘yxatiga kiritishni taklif qilgan. Uning ta’kidlashicha, ayni paytdagi rasmiy statistika haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.

Avvalroq Qozog‘istonning Olmaota shahri rasmiylari shaharda yaqin kunlarda kuzatilayotgan o‘tkir respirator virusli infeksiyalar va pnevmoniyaga chalinganlar soni ortganini epidemiya deb qarayotgani haqida xabar berilgan edi. Olmaota viloyati hokimi o‘rinbosari va viloyat bosh sanitariya vrachi pnevmoniyadan vafot etgan.

Ma’lumot o‘rnida, Qozog‘istonda so‘nggi bir sutkada 1 779 kishida koronavirus infeksiyasi aniqlanib, umumiy kasallanganlar 15-iyul soat mahalliy vaqt bilan 13:30 holatiga ko‘ra, 63 514 kishiga yetdi. Ayni paytga qadar 38 mingdan ortiq bemor sog‘aygan, 375 kishi vafot etgan.

Янгиликлар