Shavkat Mirziyoyev: “Ayollarga imkoniyat bersak, jamiyatimizda paydo bo‘lgan illatlar sekin-sekin yo‘qoladi”
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 14-iyul, seshanba kuni yoshlar va xotin-qizlar bandligini oshirish, ularni daromad manbai bilan ta’minlash masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev noma’qul illatlarni jamiyatdan chiqarish uchun ayollarga imkoniyatlar yaratish lozimligini ta’kidladi.
“Qo‘limizga qalam olib, ayollarga imkoniyat yaratib, ularni ‘siz’ deb, ‘jamiyatda o‘rningiz boshqacha’ deb e’lon qilsak, ko‘plab noma’qul narsalar, O‘zbekistonda paydo bo‘lgan illatlar sekin-sekin jamiyatimizdan chiqib ketadi”, — deya ta’kidlagan Shavkat Mirziyoyev.
Shuningdek, videoselektorda Jahon bankining 2 million dollar mablag‘i doirasida 15 ming nafar ayolning bandligini ta’minlash loyihalarini jadallashtirish muhimligi ham qayd etilgan, xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash, ijtimoiy sharoitlarini yaxshilash masalalariga ham alohida e’tibor qaratilgan.