Shavkat Mirziyoyev hokimlarga har kuni ijtimoiy tarmoqlarda tushgan savollarga javob berish haqida topshiriq berdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 14-iyuldagi videoselektor yig‘ilishida hokimlarga har kuni ijtimoiy tarmoqlarda tushgan savollarga javob berish haqida topshiriq berdi.
“Hokimlarga shunday topshiriq: ertalab bir soat — 8:00 dan 9:00 gacha, kechqurun 21:00 dan 22:00 gacha ijtimoiy tarmoqlardan tushgan savollarga mukammal javob berasizlar. Xalqimiz hamma narsani bilishi kerak. Mana shunga e’tibor qilamiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yig‘ilish avvalida mamlakatdagi epidemiologik vaziyatga to‘xtalib, bu borada hokimlar va sektor rahbarlariga tegishli topshiriqlar berdi.
“Yana bir marta aytmoqchiman, ayniqsa, Toshkent shahar rahbariyatiga, hamma hokimlarga. Karantin normalarini qayerda yumshatish kerak, qayerni yopish kerakligi bo‘yicha shahar, viloyat, tuman rahbarlari, o‘zingiz qaror qabul qilishingiz kerak. Rahbarning eng katta rahbarligi — hozirgi mana shunday og‘ir sharoitda eng to‘g‘ri yo‘lni topishida. Eng to‘g‘ri yo‘lni hududning rahbari biladi. Tuman, shahar, viloyat rahbarlari biladi”, — dedi davlat rahbari.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda koronavirusga qarshi kurashish uchun barcha zaxira va imkoniyatlar mavjud ekanini aytgan va odamlar uchun qulay koronavirusga test topshirish tizimini yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida topshiriq bergan edi.