Shavkat Mirziyoyev: “Koronavirusga qarshi kurashish uchun bizda barcha zaxira va imkoniyatlar mavjud”

Prezident Shavkat Mirziyoyev 14-iyul, seshanba kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida mamlakatdagi epidemiologik vaziyatga to‘xtalib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident mamlakatda koronavirusga chalinganlar soni ko‘payib borayotgani munosabati bilan karantin talablarini yana kuchaytirishga majbur bo‘linganini ta’kidlagan:

Ochiq aytish kerak, hozirgi kunda butun dunyo koronavirus deb nom olgan mana shu tilsiz yov, ko‘zga ko‘rinmas dushmanga qarshi urush holatida turibdi.

Urushga kirgan har qaysi davlat, har qaysi xalq o‘z yurtini, o‘z aholisini himoya qilish uchun barcha choralarni ko‘radi. Eng avvalo, xavf-xatarning yo‘lini berkitadi, temir intizom o‘rnatadi.

Qat’iy safarbarlik sharoitida yashash va ishlashga o‘tadi. Bugun biz ham ayni shunday holatdamiz.

Respublika maxsus komissiyasi tomonidan vaziyat muntazam tahlil qilinib, infeksiyani jilovlash yuzasidan barcha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Bu kasallikka qarshi kurash uchun bizda barcha zaxira va imkoniyatlar mavjud.

Eng muhimi, fidoyi va jasur shifokorlarimiz o‘z burchini sadoqat va matonat bilan bajarmoqda.

Takror aytaman, biz endi pandemiya sharoitida yashashga, mehnat qilishga o‘rganishimiz shart. Chunki hayot davom etmoqda. Hayot bizdan aql-idrok, sabr-toqat, metin intizom bilan harakat qilishni talab etmoqda.

Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston Prezidenti

Avvalroq O‘zbekistonda koronavirus tarqalishiga qarshi kurashish uchun shu vaqtga qadar 750 milliard so‘m mablag‘ sarflangani ma’lum qilingan edi.