Sirdaryoda IIB va Milliy gvardiya xodimi sudyani kaltakladi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Sirdaryo viloyati sudi sudyasi Alisher Ergashev IIB va Milliy gvardiya xodimlarining zo‘ravonligiga uchradi. Bu haqda Oliy sud xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Jinoyat ishlari bo‘yicha Sirdaryo viloyati sudi sudyasi Alisher Ergashev 13-iyul kuni shaxsiy mashinasida Guliston shahar hududiga kirishda o‘rnatilgan karantin blokpostida tirbandlikda taxminan 8:40 dan 09:35 gacha kutib turgan. Ishga borishi shart bo‘lgani sabab blokpost tomon harakatlangan sudyani u yerdagi IIB va Milliy gvardiya xodimlari “viloyat hokimi kelayotganligi”ni aytib, shahar hududiga kiritmaydi.

A.Ergashev o‘zining sudya ekanini aytib, xizmat guvohnomasini ko‘rsatgan. O‘tkazib yuborishni so‘raganida IIB va Milliy gvardiya xodimlari unga nisbatan qo‘pol muomalada bo‘lgan. Avtomashinasini qo‘li bilan urgancha tezroq bu joydan ketishini talab qilgan. A.Ergashev ishga borishi shartligini takror aytganida 3-4 xodim kuch ishlatib, avtomashinasidan majburan tushirgan. Uni haqorat qilib, tan jarohati yetkazgan. Avtomashinasini IIB xodimi voqea joyidan 250—300 metr uzoqlikdagi yo‘lning chetiga olib borib, ochiq holda tashlab ketgan.

Ishxonasiga yetib kelganidan so‘ng sudyaning sog‘lig‘i yomonlashgan va tez tibbiy yordam chaqirtirilgan. Qon bosimi ko‘tarilgani aniqlanib, viloyat shifoxonasining shoshilinch tibbiy yordam bo‘limiga olib ketiladi.

Mazkur holat yuzasidan tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. A.Ergashevning olgan tan jarohatlari darajasini aniqlash uchun sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan.

Avvalroq Jarqo‘rg‘onda sudyalar omma oldida obro‘sizlantirilgani, sud xodimi esa do‘pposlangani yuzasidan rasmiy bayonot berilgan edi.

Янгиликлар