O‘zbekistonda koronavirusdan ogohlantiruvchi mobil ilova yaratildi

Sog‘liqni saqlash vazirligi, Axborot texnologiyalar va kommunikasiyalarni rivojlantirish vazirligi hamda Toshkent shahar hokimligi bilan hamkorlikda koronavirus infeksiyasi bilan to‘qnash kelgan fuqarolarni ijtimoiy masofa saqlash bo‘yicha ogohlantiruvchi Self-Safety mobil ilovasi yaratildi. Bu haqida SSV xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashda mobil ilovalardan foydalanish samaradorligi Janubiy Koreya, Singapur, Isroil, Italiya, Fransiya kabi ko‘plab boshqa davlatlar tajribasida isbotlandi. Bu turdagi ilovalar jamoat joylarida kasallik yuqtirib olish ehtimoli paydo bo‘lganda ogohlantiradi.

Ilova mobil telefonning GPS va Bluetooth modullari yordamida foydalanuvchilardan birida kasallik aniqlansa, bir daqiqa ichida barcha foydalanuvchilarni 5 metr radiusda kesishgan nuqtalarini solishtiradi. Kesishuv nuqtalari aniqlangach, mazkur joylarda 5 metrli radiusda bo‘lgan barcha foydalanuvchilarga PUSh-xabarnoma ko‘rinishida kasal bilan aloqada bo‘lganlik ehtimoli to‘g‘risida va keyingi xatti-harakatlar bo‘yicha tavsiyalar beradi.

Mobil ilova Android va iOS platformalarida mavjud bo‘lib, www.coronavirus.uz veb-saytidagi havolalar orqali yuklab olish mumkin. Ro‘yxatdan o‘tishda ilova GPS va Bluetooth modullarini yoqib qo‘yish lozim.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 16-iyul soat 17:00 holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 14 991 kishiga yetgan. Ayni paytda 8655 nafar fuqaro sog‘aygan, 75 kishi vafot etgan. Hozirda 6262 nafar bemorga shifokorlar tomonidan belgilangan standartlar bo‘yicha davo choralari ko‘rilmoqda.

Янгиликлар