Samarqandlik onaga o‘g‘illi bo‘lgani aytilib, qo‘liga qizaloq tutqazildi

Samarqand viloyati Toyloq tumani tibbiyot birlashmasi tug‘ruq bo‘limida tug‘ilgan chaqaloq dastlab o‘g‘il deb aytilgan. Ikki kun o‘tgach esa qizaloq tug‘ilgani ma’lum qilingan. Voqea yuzasidan tafsilotlarni o‘rganib, “Daryo” xabar berdi.

“Operatsiyadan chiqqanimizdan so‘ng ayolning qaynanasi kelini o‘g‘il yoki qizli bo‘lgani bilan qiziqdi. Hamshiradan operatsiya qilingan ayoldan tug‘ilgan farzand o‘g‘ilmi, qizmi deb so‘radim. Hamshira o‘g‘illigini aytdi. Shundan so‘ng chiqib, o‘g‘il chaqaloq tug‘ilibdi dedim. Bor gap shu. Hamshiraning aytishi bo‘yicha, u oldingi operatsiya yo‘li bilan tug‘ilgan bolani nazarda tutib o‘g‘il bola degan ekan. Shu yerda xatolik ketgan”, — deydi  shifokor Bunyod Tohirov.

Farangiz Obloberdiyeva (ona)ning tug‘ruq jarayonidagi operatsiyasida ishtirok etgan hamshira Shahzoda Salomovaning aytishicha, 26-iyun kuni ikki nafar chaqaloq operatsiya yo‘li bilan tug‘ilgan. Ularning biri tushgacha, ikkinchisi tushdan so‘ng tug‘ilgan. Shifokor Bunyod Tohirov chaqaloqni so‘ragan vaqtda u birinchi operatsiyada tug‘ilgan bolaga qarayotgan bo‘lgan va aynan o‘shani nazarda tutib “o‘g‘il” degan.

Samarqand viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mazkur holat yuzasidan tuman IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilayotganini, tuman prokuraturasi talabi bilan chaqaloq va uning otasidan qon tahlili olinganini xabar berdi. Unga ko‘ra, ota va qizning qon guruhiy mansubligi bir xil natija ko‘rsatgan.

Respublika sud tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi Samarqand filialining 2020-yil 3-iyuldagi xulosasiga ko‘ra, qiz jinsli chaqaloqdan olingan qon namunasida “V” antigen aniqlangan. Fuqaro A. Ashurovdan olingan qon namunasi “Va” (III) guruhiga mansubligi aniqlangan.

Hozirda holat yuzasidan tuman IIB TB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilmoqda.

Avvalroq Surxondaryoda chaqalog‘ini 10 million so‘mga sotmoqchi bo‘lgan ayol ushlangani haqida xabar berilgandi.